Taslimiyat «Men nega quduqqa tashlandim?!» deb o‘kingan Yusuf alayhissalom Misrga podshoh bo‘ladigan yo‘l quduqdan o‘tishini bilmasdi. Quduqda Robbiga taslim bo‘lgan Yusuf saroyga kirishga muvaffaq bo‘ldi. Saroyda ilohiy axloqqa taslim bo‘lgan Yusuf alayhissalom zindonga tushdi. Zindon - Misrga podshoh bo‘lish uchun so‘nggi so‘qmoq edi. «Nega bu musibat bilan imtihon qilindim?!» deya isyon qilmagan Yusuf alayhissalom hammaga saboq bo‘lsin. Olovga tashlangan Ibrohim alayhissalom ko‘zlarini yumib olgan, gulxanning gulzorga aylanganini bilmas edi. Faqat taqdiriga taslim bo‘lgan edi. «Koshki bu dard menga kelmasa edi», demagan Ibrohim alayhissalom hammamizga eng og‘ir musibatlarda xam taslim bo‘lish axloqini o‘rgatadi. Otasi Ibrohim alayhissalomning pichog‘i ostiga yotgan Ismoil alayhissalom tig‘ kesmasligini bilmasdi. Ul zot Alloh azza va jalla hamda otasiga taslim bo‘lgan edi. «Nega boshimga bu kunlar tushyapti?!» deya isyon etmagan Ismoil alayhissalom yo‘limizni yoritadi. Makkadan qochish uchun hijrat qilishga majbur bo‘lgan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Makka fathining hijrat orqali o‘tishini bilmasalarda, ilohiy buyruqni ado etdilar. Manzilini tark etish amriga taslim bo‘lgan edilar, xolos. Taslimiyat hijratni, hijrat fath eshigini ochadi. Allohga taslim bo‘lgach, Makkani taslim qiladi. Allohga taslim bo‘lgan zotni olov yondirmaydi. Taslim bo‘lishni bilgan quduqdan saroyga, zindondan taxtga chiqadi. Ey «Koshki bu musibatlar boshimga tushmasa edi», deganlar, taslim bo‘ling! Musibatlarga emas, musibat bilan sizni sinayotgan Allohga taslim bo‘ling! © Said Chamlija, "Iymon va huzun" @akbardaily 🌹
