"Mohiyat menga kerak emas", yohud "ChatGPT yonimda bor istalgan muammoni hal qila olaman!" Bir qiziq savol berishdi menga: "Nima uchun aksariyat suhbatlarda ishda odatda ishlatilmaydigan narsalar so'raladi? Nima uchun ChatGPTni yaxshi bilgan va unda ma'lumot izlay olgan odam har doim ham ish topa olmaydi? U ham muammoni yechimini tez bera oladi-ku?" Oddiy bir misol keltiraman. Qaynoq choy damlangan choynak turibdi oldimizda. Agar yonimizda biror go'dak paydo bo'lsa, biz shu ondayoq bolani shu choynakdan uzoqlashtirishga harakat qilamiz. Nima uchun? Javob oddiy – Qaynoq suv bola tanasini kuydirib, shikast yetkazmasligi uchun. Biz buni o'z tajribamizdan o'tkazganimiz uchun, yoki eng kamida yaqinlarimizda ko'rganimiz uchun bilamiz. Qizig'i shundaki, aynan shu qaynoq suvning tanaga salbiy ta'siri haqida ChatGPTdan ham so'rab bilsa bo'ladi. Sizdan ko'p narsa ham talab etilmaydi, savol bersangiz bo'ldi. GPT Sizga joyida kamida 10ta gapdan iborat bir matnni ko'rsatadi va unda shu zararlar haqida bayon qiladi. Diqqat savollar: GPT buni tajribasidan kelib chiqib qildimi? U ham o'z ustiga qachondir shunday aynoq suvni to'kib yuborganmi? O'zi bayon qilayotgan narsaga u qanchalik ishonadi? Tajriba va ilmning o'rnini hech qaysi sun'iy intellekt bosa olmaydi. Bilimi chuqur inson har bir qilayotgan ishini nima uchun qilayotganini; u qilgan ish kelajakda qanday natijalarga olib kelishini; agar u qilgan ishda muammo chiqsa qanday yechim qilish kerakligini bemalol ayta oladi. ChatGPT ustingizga suv to'kib bo'lganingizdan keyin Sizga yordam bermaydi. U faqat o'qib berishni biladi, bayon qilishni biladi, ammo shu bayonotiga hech qachon javob bera olmaydi. Ilm izlashdan to'xtamang! Alisher Kasimov

Wednesday, August 16, 2023· 959View original